Direksiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Majmuani barpo etish bilan bog‘liq zarur geodeziya, geologiya, gidrometeorologiya va ekologik muhandislik-qidiruv va tadqiqot ishlarini tashkil etish;
shaharsozlik, tarixiy-madaniy, ijtimoiy va yo‘l-transport tadqiqotlari olib borilishini tashkil etish;
Majmuani barpo etish hamda uning hududida ko‘p kvartirali uylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmalari ob’ektlarini qurish bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun topshiriqlarni tayyorlash;
birlamchi ruxsat beruvchi, loyiha oldi va loyiha hujjatlarining belgilangan muddatda sifatli tayyorlanishini va ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash;
ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, belgilangan tartibda loyiha-tadqiqot va qurilish-pudrat tashkilotlarini tanlash hamda ular bilan shartnomalarni imzolash;
ob’ektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
loyihalarni boshqarish va qurilish ishlari bo‘yicha texnik va mualliflik nazorati olib borilishini ta’minlash hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilgan holda ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish ishlarini tashkil etish;
Majmuani barpo etish va uning hududida ob’ektlarni qurish uchun ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash;
Majmuani qurish ishlariga salohiyatli tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida ommaviy axborot vositalarida, internet axborot tarmog‘i orqali va ijtimoiy tarmoqlarda taqdimot tadbirlarini va keng reklama kompaniyasini olib borish ishlarini tashkil etish;
Majmua hududida ob’ektlar qurilishini loyihalashtirishda loyiha tashkilotlari tomonidan energiyatejamkor zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi hamda yuqori texnologik materiallar va buyumlardan samarali foydalanilishini ta’minlash.