Majmua Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod qilinmoqda. Shaharcha markazida Аl-Xorazmiy haykali oʼrnatiladi. Аlloma nomidagi universitet, uning qoshida esa isteʼdodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Shuningdek, hududda ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlari, texnopark va ofislar, tibbiyot klinikasi, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, 4 ta maktab va 6 ta bogʼcha, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar joy oladi. 5444 ta xonadonli 133 ta koʼp qavatli uy-joy barpo etiladi. Inshootlar “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanadi.
Bugungi kunda qurilish ishlarning birinchi bosqichi yakunlanib, 20 ta 5 qavatli bino qurib bitkazildi. Yil yakunigacha yana 12 ta koʼp qavatli uyning qurilishi yakunlanishi rejalashtirilgan. 35 ta quruvchi pudratchi tashkilotlarda mehnat qilayotgan 2 mingdan ortiq ishchi belgilangan rejani bajarish uchun astoydil mehnat qilmoqda. Turkiya, Qozogʼiston va Yaponiya qurilish tashkilotlari ham shaharchaning yanada koʼrkam va zamonaviy qiyofa kasb etishi uchun oʼz hissasini qoʼshmoqda.
Shaharchada yaratilayotgan qulayliklar, uylarni bunyod etishda ishlatilayotgan qurilish xomashyolarining sifatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Аmalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida koʼp qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma obʼektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirishiga xizmat qiladi.